RRTM TARIXI

Shiddat bilan o‘zgarib borayotgan hozirgi zamonda ommaviy axborot vositalarining faoliyat ko‘lami, inson va jamiyat hayotiga taʼsiri misli ko‘rilmagan darajada kuchayib bormoqda. Bugungi kunda axborot nafaqat maʼlumot yetkazish, balki odamlarni yangilik va o‘zgarishlar bilan tanishtirish vositasi bo‘lib ham xizmat qilmoqda. Insonlarga axborot yetkazishda OAV Internet utsunlik qilayotgan bir davrda televideniye va radio hamon insonlarning ijtimoiy, siyosiy, madaniy hayotida muhim o‘rin tutib kelmoqda.

Bugungi kunda aksariyatimiz, hattoki teleradiokanallarda faoliyat olib borayotgan jurnalist va texnik xodimlar, teleradiodasturlarni aholiga yetkazilish jarayonida, o‘z faoliyatini 1915 yilda radioaloqa xizmatini ko‘rsatishdan boshlagan va bugungi kunda 1000 nafardan ortiq xodim mehnat qilib kelayotgan “Radioaloqa, radioeshittirish va televideniye markazi” davlat unitar korxonasi (Markaz) faoliyati to‘g‘risida maʼlumotga ega emas.

Barchamizga maʼlum 1895 yil muhandis Aleksandr Stepanovich Popov radiouzatgichni ixtiro qilgan. Ushbu olamshumul voqeaga 20 yil to‘lishi arafasida, yaʼni 1915 yili Toshkentda Germaniyaning “Siemens & Halske” kompaniyasi tomonidan radiostansiya qurilib (hozirgi “Farg‘ona yo‘li” ko‘chasi, 15-a manzilida, “O‘zbum” yaqinida), ishga tushirilgan va Moskva bilan O‘rta Osiyo davlatlari orasida axborot almashish yo‘lga qo‘yilgandi. 

Ushbu uzatgichlar  Turkistonning shimoliy hududlaridan Eron chegarasigacha, Yettisuvdan to Krasnovodsk shahrigacha bo‘lgan masofalarda radioaloqani o‘rnatish imkonini bergan.

1925 yildan boshlab radioeshittirish jarayonida tajriba-sinovlar o‘tkazila boshlandi va 1927 yili O‘zbekistonda to‘laqonli radioeshittirish dasturlari efirga chiqdi va bosqichma-bosqich rivojlana bordi.

Shu yili muhandis Boris Pavlovich Grabovskiy bir guruh hamkasblari bilan birgalikda Toshkentda, laboratoriya sharoitida harakatdagi obyekt tasvirini radiouskuna orqali masofaga uzatishni amalga oshirdi, yaʼni “telefot”ni ixtiro qildi. Bu ixtiro televideniyening yaratilishiga asos bo‘ldi.

O‘tgan davrda Toshkent quvvatli radiostansiyasi turli davlat idoralari tarkibida faoliyat yuritgan. Jumladan, 1921 yil 4 iyundan Turkiston pochta va telegraf xalq komissariati, 1928 yil 27 sentyabrdan esa O‘rta Osiyo Aloqa boshqarmasi boshqaruviga o‘tkazildi. 1931 yilda radiostansiya O‘rta Osiyo Iqtisodiy uyushmasi qoshidagi Pochta va telegraf xalq vakolati komissariati boshqarmasi ixtiyoriga berildi.                          

1937 yil 1 iyulda respublikaning hamma radiostansiyalari, shu jumladan, Toshkentdagi katta quvvatli radiostansiya (1-sonli radiostansiya) ham sobiq O‘zSSR Aloqa xalq vakolati komissariati tasarrufiga olindi. 1940 yil 29 mayda ushbu radiostansiya Toshkent radioaloqa va radioeshittirishlar direksiyasiga aylantirilib, Toshkent viloyati aloqa boshqarmasi boshqaruvi ixtiyoriga o‘tkazildi. 1941 yil 27 martda Toshkent radioaloqa va radioeshittirish direksiyasi O‘zSSR Xalq kengashi komissariati qoshidagi Aloqa xalq komissariati vakili boshqaruviga o‘tdi, shu yilning 5 mayida esa Toshkent radioaloqa va radioeshittirish direksiyasining nomi “O‘zbekiston radioaloqa va radioeshittirishlar direksiyasi” deb o‘zgartirildi.

1941-1945 yillardagi Ikkinchi jahon urushi davrida radiostansiya jamoasi radioaloqa, radioeshittirish uskunalarining to‘xtovsiz va sifatli ishlashini taʼminlab turishdi. Bundan tashqari, jamoa harbiy bo‘linmalar va qurolli kuchlarga tegishli harbiy avtomobillarga o‘rnatiladigan ko‘chma radiostansiyalarni butlash, montaj qilish va sozlash ishlariga munosib hissalarini qo‘shdilar.

1955 yilning 1 martida O‘zSSR Aloqa vazirligi tashkil etilishi munosabati bilan O‘zbekiston radioaloqa va radioeshittirishlar direksiyasi – O‘zbekiston Respublikasi radiomarkaziga aylantirilib, Aloqa vazirligi ixtiyoriga o‘tkazildi.

1956 yilning 5 noyabrida Toshkent shahrida O‘rta Osiyo mintaqasida birinchi bo‘lib Toshkent televizion markazi o‘z teleko‘rsatuvlarini efirga tarqata boshladi. Teleko‘rsatuvlar dastlab, Toshkent shahrining Navoiy ko‘chasidagi balandligi 180 metrlik teleminoradan amalga oshirilgan.

1960 yildan boshlab mamlakatimizda radioeshittirish va televideniye jadal surʼatlar bilan rivojlandi, viloyatlarda ham teleko‘rsatuvlarni tashkil etish amalga oshirildi. Radioeshittirish va televideniye uzatgichlari bir necha marta yangi avlod texnik uskunalariga almashtirildi. Respublikamizning ko‘pgina viloyatlarida o‘nlab katta va yuzlab kichik quvvatli radiotelevizion stansiyalar qurilib, ishga tushirildi. 

Shu jumladan, 1978 yildan qurilishi boshlagan 1985 yilning 15 yanvarida Toshkent shahrining ko‘rki bo‘lgan, o‘zbegimning durdonasiga aylagan balandligi 375 metrli Toshkent teleminora ishga tushirildi.

Toshkent teleminorasi dastlab 350 metr balandlikda qurilishi rejalashtirilgan bo‘lib,  Respublikaning o‘sha davrdagi rahbariyati sayi-harakatlari natijasida, minora qurilish jarayonida uning balandiligiga o‘zgartirish kiritilib, balandligi 375 metrga yetkazilgan. Teleminoraning foydalanishga topshirilganligiga 35 yil to‘lgan bo‘lsada, minora bugungi kunda o‘zining jozibasi va mustahkamligini yo‘qotmay kelmoqda. 

Respublikamiz mustaqillikka erishgandan so‘ng, respublika teleradioeshittirish tizimini jahon andozasidagi texnologiyalar, jumladan zamonaviy uskunalar asosida qayta jihozlash ishlari amalga oshirildi. 

Radioeshittirish va teleko‘rsatuvlarning sifati talab darajasida bo‘lishi borasida 2003-2005 yillarda Yaponiyaning “JBIC” loyihasi asosida respublikaning beshta shimoliy viloyati va Toshkent shahridagi teleradiostansiyalar qayta jihozlandi.

Respublika aholisini davlat teleradiodasturlari bilan to‘la qamrash maqsadida  investitsion loyihalar asosida 2005-2007 yillarda 360 ta tele va 310 ta turli quvvatli radiouzatgichlar o‘rnatilib, ishga tushirildi. Natijada davlat teleradioeshittirish dasturi bilan aholini qamrash darajasi nafaqat respublikada, balki Markaziy Osiyoning katta hududida 100 foizga yetkazildi.

2007-2008 yili respublikamizda raqamli televideniyeni joriy qilish konsepsiyasiga asosan, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi doirasida birinchilar qatorida Toshkent va Buxoro shaharlarida har biri 12-13 ta teledasturga mo‘ljallangan raqamli teleuzatgichlar o‘rnatilib, tajriba-sinov tartibida ishga tushirilgan.

“O‘zbekiston Respublikasi yer usti raqamli televideniye tarmog‘ini rivojlantirish” investitsion loyihasi asosida Respublikada raqamli televideniyega o‘tish ishlari bosqima-bosqich amalga oshirilib 2016 yilda aholini raqamli televideniye dasturlari bilan qamrovi 88 %ga yetkazildi, 2017 yil yakuniga kelib raqamli teledasturlar bilan qamrovi 100%ga yetkazildi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «Raqamli teleeshittirishlarga o‘tish va yer usti analog teleeshittirishlarni to‘xtatishga doir amalga oshiriladigan chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi 502-son qaroriga muvofiq, yer usti analog teleeshittirishlarni bosqichma-bosqich to‘xtatish jadvali tasdiqlanib, unga ko‘ra, 2018 yil respublika bo‘ylab efir orqali uzatilayotgan analog formatdagi barcha teleeshittirishlar bosqichma-bosqich to‘xtatildi.

Markaz bugungi kunda O‘rta Osiyoda teleradioeshittirishni eng katta tarmog‘iga ega bo‘lib:

126 ta antenna-machta inshootlar (shundan 28 ta 100 m baland AMS),

- 108 ta katta quvvatli teleuzatgichlar, 351 ta kam quvvatli teleuzatgichlar;

- 55 ta katta quvvatli radiouzatgichlar, 321 ta kam quvvatli radiouzatgichlar ega.

Shuni aytib jozki bu sharafli ishlarni amalga oshirishda, radio va televideniye sohasining barcha fidoyi, qatʼiyatli va o‘z mehnatiga mehr qo‘ygan rahbar va mutaxassislarining qo‘shgan hissalari beqiyos.

“RRTM” DUK ushbu natijalar va ko‘rsatkichlar bilan to‘xtab qolmaydi, kelgusida ham ushbu yo‘nalishlarda ishlarni bardavom ettirib, aholiga teleradiodasturlarni uzluksiz va sifatli yetkazib berilishini taʼminlashda davom etadi.

 

 

 

 

 


Hamkorlar