A
x up auto down

Rahbarlar uchun maxsus o‘quv kurslari boshlandi

O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan kelishilgan holda, joriy yilning 4-6 fevral kunlari “RRTM” DUK hududiy radioteleuzatish markazlari rahbarlari uchun o‘quv kurslari tashkil etilmoqda.

4 fevral kuni “RRTM” DUKning hududiy filiallari rahbarlari uchun zamonaviy samarali boshqaruv tizimini tashkil etish bo‘yicha uch kunlik o‘quv kurslarga start berildi.

Bugungi kunda boshqaruvni samarali tashkil etishda yetakchilar, ya’ni rahbar kadrlarning o‘rni va roli beqiyosligi va shu sababdan zamonaviy rahbarlar yangicha dunyoqarashga ega bo‘lishi, respublikamizda olib borilayotgan islohotlarning tub mohiyatini tushunib yetishi, o‘z ustida muntazam ishlashi talab etiladi. Tashkil etilayotgan mazkur o‘quv kurslarida hududiy radioteleuzatish markazlari direktorlariga zamonaviy korporativ boshqaruv uslublari, ishlab chiqarish, investitsiya, moddiy-texnik, moliyaviy va mehnat resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish, zamonaviy texnologiyalar, mehnat qonunchiligi va soliq qonunchiligidagi yangiliklar to‘g‘risida tajribali va malakali pedagog-mutaxassislar tomonidan seminarlar va taqdimotlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Shuningdek, ushbu o‘quv kurslari rahbarlar o‘rtasida faoliyatda mavjud muammolarni bartaraf etish bo‘yicha o‘zaro amaliy suhbatlar o'tkazish va tajriba almashish uchun ham qulay imkoniyat yaratadi.