A
x up auto down

Toshkent teleminorasiga pasportsiz kirish imkoniyati yaratildi

Toshkent teleminorasi respublikamizning noyob arxitektura inshooti bo‘lib, bugungi kunda Markaziy Osiyoda yagona va eng baland inshoot hisoblanadi. Shuningdek, Toshkent teleminorasi Butunjaxon buyuk minoralar federatsiyasi azosi hamdir. Minora balandligi bo‘yicha Butunjaxon buyuk minoralar federatsiyasi tarkibiga kirgan jahonning 50 dan ortiq minoralari orasida 14 o‘rinni egallaydi.

Balandligi 375 metr bo‘lgan Toshkent teleminorasiga tashrif buyuruvchilar uchun tomosha maydonchasiga ekskursiya uyushtirish xizmatlari va “Koinot” restorani faoliyati yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, teleminoraga ekskursiya uchun yurtimiz va xorijdan ko‘plab sayyohlar tashrif buyurishadi.

Bugungi kunga qadar Toshkent teleminorasining tomosha maydonchasi va restoraniga kirish uchun tashrif buyuruvchilardan shaxsni tasdiqlovchi xujjat talab etilar edi. Bu esa o‘z navbatida, tashrif buyuruvchilarning yonida zarur hujjatlari mavjud bo‘lmagan holatlarda ularga noqulayliklar tug‘dirar edi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan respublikada turizm salohiyatini rivojlantirish, turistlarga qulay sharoitlar yaratish bo‘yicha belgilab berilgan vazifa va topshiriqlari ijrosini ta’minlash maqsadida, Toshkent teleminorasida sayyohlik imkoniyatlarini kengaytirish va turistlar uchun yanada qulayliklar yaratish borasidagi tegishli vazirlik va davlat idoralari bilan hamkorlikda keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilishi, teleminoraga zamonaviy axborot kommunikatsiya texnologiyalari tizimlari joriy etilishi natijasida, 2019 yil 16 noyabrdan boshlab teleminoraga tashrif buyuruvchilardan shaxsni tasdiqlovchi hujjat so‘rash tartibi bekor qilindi. Endilikda tashrif buyuruvchilardan teleminoraga kirishlari uchun hech qanday shaxsni tasdiqlovchi hujjat talab etilmaydi.

Ma’lumot uchun, Toshkent teleminorasiga tashrif buyuruvchilar uchun minoraning 100 metr balandligida “Tomosha maydonchasi” va 105 metr balandligida “Koinot” restoranining “Moviy” zali faoliyat yuritmoqda. Toshkent teleminorasiga sayohat uyushtirmoqchi bo‘lgan mahalliy va xorijiy turistlar har kuni soat 10:00 dan 20:00 ga qadar teleminoraga tashrif buyurishlari va hordiq chiqarishlari mumkin.