A
x up auto down

Yer usti analog teleeshittirishlarni bosqichma-bosqich to'xtatilishi.

2017 yil 17 iyul kuni O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Raqamli televideniega o'tish va er usti analog teleeshittirishlarni to'xtatishga doir chora-tadbirlar to'g'risida”gi 502-son qarori qabul qilingan. Qarorda O'zbekiston Respublikasida “Yer usti analog teleeshittirishlarni bosqichma-bosqich to'xtatish jadvali” tasdiqlangan bo'lib, unga ko'ra 2018 yilning 15-yanvaridan to 5-dekabriga qadar analog formatdagi barcha teleeshittirishlar to'xtatilishi belgilangan. Ushbu qaror kabel televidenie teleeshittirishlari uchun ta'luqli emas. (Kabel televidenie studiyalari o'zlarining imkoniyatidan kelib chiqib mavjud studiya qurilmalarini raqamli formatdagi qurilmalarga o'zgartirishlari mumkin).

Bugungi kunda Yer usti analog teleeshittirishlarni bosqichma-bosqich to'xtatish jadvaliga muvofiq:

15 yanvar kuni Andijon, Farg'ona va Namangan viloyatlarida Andijon, Farg'ona, Sox, Qo'qon, Chust, Chodak, Kosonsoy, Angren, Chorvoq, Bekobod va Shougaz;

15 aprel kuni Sirdaryo viloyatida Guliston;

15 may kuni Jizzax viloyatida Jizzax, Qoytosh;

1 iyun kuni Samarqand viloyatida Cho'pon-Ota, Kattaqo'rg'on va Nurobod;

15 iyun kuni Buxoro va Navoiy viloyatlaridagi Buxoro, Olot, Gazli, Qorovulbozor, Qizilrovot, Zafarobod, Navoiy, Langar, Zarafshon, Uchquduq, Tomdi, G'ozg'on;

1 iyul kuni Xorazm viloyatida Urganch, Pitnak va Tuproqqala radiotelevizion stantsiyalarda;

15 iyul kuni Toshkent shahridagi Toshkent teleminorasida (H=375 m) o'rnatilgan analog teleuzatkichlar o'chirildi.

Shuningdek, analog televizion uzatkichlarning o'chirilishi munosabati bilan kelib chiquvchi noqulayliklarni oldini olish maqsadida, ommaviy axborot vositalari orqali respublikada analog teleeshittirishlarni to'xtatilishi, raqamli televideniening afzalliklari va qulayliklari, raqamli televideniening qabul qilishning zarur shartlari to'g'risida doimiy yoritib borilmoqda hamda mobil aloqa kompaniyalari orqali viloyatlar aholisiga analog teleeshittirishlarni to'xtatilishiga 3 oy va 1 oy qolganda SMS xabarnomalar yuborilmoqda.

Analog televidenie orqali efirga uzatilgan telekanallarning barchasi raqamli formatda tarqatilmoqda. Yer usti raqamli televidenie tarmog'i xizmatlaridan foydalanish uchun quyidagilarni amalga oshirish lozim:

- Ijtimoiy to'plam, ya'ni bepul tarqatilayotgan 18 ta teledasturlarni ko'rish uchun FTA tyunerlarini xarid qilish (narxi taxminan 80 000-130 000 so'm);

- Tijorat paketlaridagi pullik 43 ta teledasturlarni ko'rish uchun “Uzdigital TV MChJ”ga ariza bilan murojaat etgan holda DTT 1770 DVB-T2 tyunerini (narxi 450 000 so'm) yoki zamonaviy televizorlar uchun TeleCARD (CAM Unified CI + Irdeto) qurilmasini (narxi 270 000 so'm) xarid qilish orqali raqamli televidenie xizmatlaridan foydalanish mumkin.