A
x up auto down

7-may Aloqachilarning kasb bayrami va 9-may Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan bayram tadbiri bo'lib o'tdi

Prezidentimizning joriy yil 16 apreldagi “Xotira va qadrlash kuniga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori hamda “Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarini rag‘batlantirish to‘g‘risida”gi farmoni ijrosi doirasida respublikamiz bo‘ylab Ikkinchi jahon urushi, front orti mehnat faxriylari, xizmat burchini bajarish chog‘ida halok bo‘lgan harbiy xizmatchilar ko‘rsatgan jasorat va mardligini yoshlar o‘rtasida tushuntirish maqsadida turli madaniy-ma’rifiy tadbirlar, faxriylar bilan uchrashuvlar o‘tkazilmoqda.

“Radioaloqa, radioeshittirish va televideniye markazi” davlat unitar korxonasi tasarrufidagi Toshkent teleminorasi hududida ham “7-may – Aloqachilarning kasb bayrami” va “9-may – Xotira va Qadrlash kuni” bayramlari munosabati bilan bayram tadbiri tashkil etildi. Tadbirda korxona xodimlari, sohada faoliyat yuritgan mehnat faxriylari, turli soha vakillari va san’atkorlar ishtirok etishdi. Bayram dasturxoni yozilib, turli noz-ne’matlar tortildi. Sohada uzoq yillar faoliyat yuritgan mehnat faxriylari bir dasturxon atrofida jam bo‘lishdi, bir-birlari bilan yuz ko‘rishib, hol-ahvol so‘rashdi, dildan suhbat qurishdi. Bayramda ishtirok etgan nuroniy keksalar tadbirga o‘zgacha fayz baxsh etishdi.

Tadbirda Korxonada faoliyat yuritgan faxriy rahbarlar Atamuhamedov Muhammadnozim Bakidjanovich, Usmonov Karim Raximovich, “O‘zbektelekom” AK Qariyalar uyushmasi rahbari Azimov Baxtiyor, Toshkent teleminorasining birinchi rahbari bo‘lgan Qodirova Umida Asrorovna so‘zga chiqib, bayram bilan barchani tabriklashdi, ushbu korxonaning uzoq yillik faoliyati, rivojlanish bosqichlari to‘g‘risida o‘z fikrlarini bildirib o‘tishdi va kelgusi faoliyatda zafarlar tilashdi, yig‘ilganlarga samimiy tilaklarini bildirib o‘tishdi. Tadbirga taklif etilgan san’atkorlar tomonidan kuylangan kuy-qo‘shiqlar tadbirga o‘zgacha shukuh baxsh etdi. Bayram dasturxoni atrofida el-yurtimizga tinchlik-totuvlik, farovonlik, har bir xonadonga fayzu-baraka, baxtu-saodat, dasturxonimizga to‘kin-sochinlik so‘rab, ezgu niyatlar qilindi, o‘tganlar xotirasi yod etildi.

Tadbirda 7-may – Aloqachilar kuni munosabati bilan, Korxonada faoliyat yuritayotgan xodimlarni taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda Korxona Bosh direktori A. Gaziyev so‘zga chiqib, barcha xodimlarni bayram bilan qutladi. Korxonaning rivojlanishiga va ishlab chiqarish samaradorligini oshirishga fidokorona mehnatlari bilan munosib hissa qo‘shib kelayotgan bir guruh xodimlar “RRTM” DUKning “Faxriy yorliqlari” bilan taqdirlanishdi.

“RRTM” DUK moddiy-texnik bazasini mustahkamlash maqsadida 12 dona “Neksiya 3” rusumli xizmat avtotransport vositalari xarid qilinib, “7-may – Aloqachilarning kasb bayrami” va “9-may Xotira va Qadrlash umumxalq bayrami” arafasida hududiy Radioteleuzatish markazlari rahbarlariga tantanali ravishda topshirildi.

Tadbir so‘ngida sohada uzoq yillar mehnat qilgan faxriylarga esdalik sovg‘alari topshirildi.

O‘tkazilgan ushbu tadbir barchaga ko‘tarinkilik, xursandchilik baxsh etdi.