A
x up auto down

Vatan himoyachilari kuni munasabati bilan Qurolli kuchlar davlat muzeyiga ekskursiya uyushtirildi

Mamalakatimiz mustaqillikka erishganch, O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa ishlari vazirligi tashkil etilishi, 1992 yil 14 yanvarda mustaqil davlatimiz hududidagi barcha harbiy qism va bo‘linmalarni O‘zbekiston tasarrufiga o‘tkazish to‘g‘risida qaror qabul qilinishi, milliy armiyamizni isloh qilishning uzoq muddatli dasturini ishlab chiqilishiga yo‘l ochdi. Shu bois, 14 yanvar kunini mamlakatimizda har yili milliy bayram sifatida katta tantana bilan nishonlash o‘ziga xos an’anaga aylangan.
Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan “Radioaloqa, radioeshittirish va televideniye markazi” DUK rahbariyati va Kasaba uyushmalari qo‘mitasi tashabbusi bilan korxona xodimlari O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari davlat muzeyiga tashrif buyurishdi. 
Mazkur badiiy majmuada qad ko‘targan, el yurtimizning sodiq farzandi timsolini aks ettirgan “Vatanga qasamyod” haykali ostida barcha jam bo‘ldi. Tiz cho‘kib, Vatan bayrog‘ini o‘pishga, ko‘ziga surtishga chog‘lanayotgan askar yigit va uning ortida uzoqlardan duo qilib turgan ona timsoli hech kimni befarq qoldirmadi hamda barchaning ko‘nglida katta tassurotlar qoldirdi.
“RRTM” DUK yosh xodimlari tomonidan “Vatanga qasamyod” haykali poyiga gulchambar qo‘yilib, ona vatanimiz tinchligi uchun kurashlarda halok bo‘lgan xarbiy xizmatchilar ruhi yod etildi. 
 

Muzeyi qarshisida barpo etilgan ushbu haykal ona yurtimiz tinchligini asrayotgan harbiy xizmatchilarga, o‘sib kelayotgan yosh avlodning yuragida ildiz otayotgan muhabbat va sadoqat tuyg‘ulariga qo‘yilgan muazzam obidadir.  Haykalda aks etgan timsollar Vatanga bo‘lgan muhabbat,  sadoqat, jasorat, faxr va iftixor  tuyg'ularini teran anglash imkonini beradi. Ushbu muhtasham haykal yoshlar qalbida cheksiz faxr-iftixor hissini oshirishi shubhasiz.
"RRTM" DUKda faoliyat yuritayotgan Qurolli Kuchlar faxriysi Narimon Raximov korxona yoshlariga “Vatanga qasamyod” haykalining tashkil etilish tarixi, unda aks etgan siymolarning mazmuni to‘g‘risida ma’lumot berib o‘tdi. Shundan so‘ng, muzey ichidagi ekspozitsiyalar bilan tanishildi.
Qurolli Kuchlar davlat muzeyidagi tarixiy ekspozitsiyasi mamlakatimiz Qurolli Kuchlar tarixi, Markaziy Osiyo xalqlari harbiy san’ati, shu bilan birga O‘zbekiston Respublikasi Qurolli kuchlari rivojlanishining hozirgi davrini aks ettiradi. Shuningdek muzeyda buyuk sarkarda Amir Temurga bag‘ishlangan alohida "Temuriylar davri harbiy san’ati" ekspozitsiyasi ham mavjud. Bu yerda harbiy yurishlar xaritalari, askarlar saflanishining sxemalari, qurol-aslahalar, nishonlar va Temuriylar davrining boshqa eksponatlari o‘rin olgan. O‘zbekiston xalqining ikkinchi Jahon urushida ishtirokiga bag‘ishlangan ekspozitsiya ham mavjud. "Mustaqil O‘zbekistonni qo‘riqlash" ekspozitsiyasida qo‘shin turlari, harbiylar hayoti, ularning jangovar va harbiy-siyosiy tayyorgarligi haqida hikoya qiladi.
 

“RRTM” DUK xodimlari muzeydagi eksponatlar bilan tanishar ekanlar, o‘tmishga xayolan sayohat qilib, qadim zamonlarda yashab o‘tgan insonlar, ularning turmush tarzi, mudofaa va qurolsozlikning rivojlanishi, o‘zlari yashab turgan hududlarni himoyalashda foydalanilgan harbiy anjomlar va qurol-yarog‘lar haqida ma’lumotga ega bo‘ladilar. Muzey ekspozitsiyasidan yurtimiz hududida mavjud bo‘lgan qadimiy mudofaa qal’alari maketlari, qadimdan to bugungi kungacha davlatimiz hududida yashab kelgan odamlar, ularning turmush tarzi, ayniqsa, ilk tosh davridan Markaziy Osiyo hududida qo‘llanilgan qurollar va muhofazaga taalluqli bo‘lgan ma’lumot va eksponatlar o‘rin olgan. Bu yerda davrlar o‘tishi jarayonida qurollarning takomillashuvi – tosh qurollardan tortib zamonaviy qurol-yarog‘lar, avtomobil va zirhli texnikalarning maketlarigacha ko‘rish mumkin. Shuningdek, buyuk ajdodlarimiz bo‘lmish Jaloliddin Manguberdi, Amir Temur, Zahiriddin Muhammad Bobur, Mirzo Ulug‘bekka tegishli bo‘lgan eksponat va ma’lumotlar hech kimni beparvo qoldirmadi.
 

– Bugungi kunda davlatimiz miqyosida muzeylar va ular faoliyatiga katta e’tibor qaratilmoqda, – deydi Qurolli Kuchlar Davlat muzeyi xodimi.
– Zero, o‘sib kelayotgan yosh avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda muzeylarning, ayniqsa, Qurolli Kuchlar Davlat muzeyining o‘rni alohida e’tiborga molik. Muzeyga tashrif buyurgan har bir inson Qurolli Kuchlarimiz faoliyati haqida to‘liq tushuncha hosil qila oladi. Zero, yozlarimiz uchun mamlakatimiz Qurolli Kuchlari safida xizmat qilish tom ma’nodagi shon-sharaf ishiga aylandi.
Muzey xodimlarining Vatanga muhabbat va cheksiz sadoqat, fidoyilik, O‘zbekiston xalqining qahramonona tarixi va boy ma’naviy merosidan faxrlanish tuyg‘ularini shakllantirishga qaratilgan suhbati hamda xalqimizning qadimgi harbiy tarixi, milliy armiyamizning rivojlanish yillarini aks ettirgan eksponatlar “RRTM” DUK yosh xodimlarida katta taassurot qoldirdi. Shuningdek, xodimlar o‘zlarining xalqimiz madaniy va tarixiy o‘tmishi, ajdodlari va buyuk sarkardalari haqidagi savollariga mutaxassislar tomonidan to‘laqonli javob oldilar.