Samarqand viloyatining Urgut tumanida aholi bilan sayyor qabul uchrashuvi o’tkazildi

“RRTM” DUK va uning hududiy Radiouzatish markazlari rahbarlari tomonidan «2017 yil — Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili»da  respublika hududidagi shahar va tumanlarda jismoniy va yuridik shaxslar vakillarini qabul qilish bo‘yicha sayyor qabullar jadvali tuzilib, respublikaning turli hududlarida doimiy ravishda sayyor qabul uchrashuvlari tashkil etib kelinmoqda.

Ushbu o’tkazilayotgan sayyor qabul uchrashuvlari orqali hududlardagi kamchilik va muammolarni aniqlash, ularni bartaraf etish, aholining teleradiouzatish yo’nalishidagi talab va takliflarini o‘rganish va shu orqali bajarilishi lozim bo‘lgan vazifalarni belgilab olish, shuningdek fuqarolarni “RRTM” DUK faoliyati bilan yaqindan tanishtirish, “O‘zbekiston Respublikasi yer usti raqamli televideniye tarmog‘ini rivojlantirish” investitsion loyihasi asosida amalga oshirilayotgan, rejalashtirilgan ishlar, raqamli televideniyeni joriy etish bo‘yicha Davlatimiz Rahbari va Hukumatimiz tomonidan qabul qilingan qarorlar, ularning mazmun-mohiyati bo‘yicha aholini xabardor qilish ko‘zda tutilgan.

Ana shunday sayyor qabullardan yana biri 2017 yilning 22 iyun kuni Samarqand viloyatining Urgut tumanida aholi ishtirokida sayyor qabul uchrashuvi o’tkazildi. Yig’ilishda “RRTM” DUK Bosh direktori o’rinbosari A. Abduazizov ishtirok etdi.

Yig‘ilish Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiyalar sohasida, jumladan hududdagi televideniye va radiodasturlarni uzatib berish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar, ko‘rilayotgan chora-tadbirlar va ushbu yo‘nalishda jismoniy va yuridik shaxslarga ko‘rsatilayotgan xizmatlarning sifati bo‘yicha ochiq muloqot shaklida bo‘lib o‘tdi.

Yig‘ilishda qayd etilgan savol va murojaatlarga A. Abduazizov, Samarqand Radioteleuzatish markazi direktori F. Rozikov va tegishliligi bo‘yicha sohadagi tashkilot va korxonalarning hududiy bo‘linmalaridan tashrif buyurgan mutaxassislar tomonidan tegishli javoblar berildi. Bajarilishi lozim bo‘lgan vazifalar belgilab olindi.

Tadbir ishtirokchilari mamlakatimizda Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiyalar sohasida, jumladan radioaloqa, radioeshittirish va televideniye yo‘nalishida olib borilayotgan keng qamrovli ishlar to‘g‘risida xabardor bo‘ldilar.