Respublika aholisi qachon raqamli televideniye bilan to‘liq qamrab olinadi?

Mamlakatimizda raqamli televideniyeni joriy etish borasidagi ishlar 2007 yildan buyon amalga oshirib kelinmoqda. Toshkent va Buxoro viloyatlarida yer usti raqamli televideniye tajriba zonasining tashkil etilishi yangi turdagi teleko‘rsatuvlarga bosqichma-bosqich o‘tishni boshlab bergan edi.

Hozirgi kunda Davlatimiz Rahbari va Hukumatimiz tomonidan qabul qilingan qator qarorlar asosida Respublikamizda raqamli televideniyega o‘tish bo‘yicha keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2012 yil 17 apreldagi PQ-1741-son qarori bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston Respublikasida raqamli televideniyega texnik va texnologik o‘tish bo‘yicha Davlat dasturi” hamda 2014 yil 3 apreldagi PQ-2157-son qarori bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston Respublikasi yer usti raqamli televideniye tarmog‘ini rivojlantirish” loyihasiga muvofiq, respublikaning barcha hududlarida DVB-T2 standartidagi raqamli teleuzatkichlar o‘rnatilmoqda.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 7 fevraldagi PF-4947-sonli Farmoniga asosan, O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasining alohida bandida raqamli televideniye uchun texnik qurilmalar va asbob-uskunalar o‘rnatish belgilangan.

Ushbu hujjatga muvofiq, 2017 yilda respublikamiz hududlarida 66 ta yuqori quvvatli va 328 ta kam quvvatli raqamli televideniye uzatkichini o‘rnatish hamda ishga tushirish belgilangan.

Hozirgi kunda “Radioaloqa, radioeshittirish va televideniye markazi” davlat unitar korxonasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi ko‘magi va bevosita rahbarligi ostida “O‘zbekiston Respublikasi yer usti raqamli televideniye tarmog‘ini rivojlantirish” investitsion loyihasi asosida raqamli teleuzatkichlarni o‘rnatish va ishga tushirish ishlari olib borilmoqda.

Mazkur loyiha asosida bugungi kunda Respublikaning viloyat markazlari va shahar va tumanlariga DVB-T2 standartidagi yuqori quvvatli raqamli teleuzatkichlarning barchasi o‘rnatilib, sinov tariqasida ishga tushirilgan. Joriy yil yakuniga qadar sinov muddatlarini yakunlab, tashkil etilgan raqamli tarmoqlar va texnik vositalarni to‘liq foydalanishga qabul qilish rejalashtirilgan.

Shuningdek hozirgi kunda mamlakatimizning olis, borish qiyin bo‘lgan va tog‘li aholi yashash manzillariga raqamli teleuzatkichlarni o‘rnatish ishlari olib borilmoqda. Ushbu hududlarga teledasturlar yer sun’iy yo‘ldosh aloqa tizimlaridan foydalangan holda uzatib beriladi. Bu bo‘yicha tegishli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Respublikaning tog‘li va borish qiyin bo‘lgan aholi yashash maskanlarini o‘rganish natijasida, yuqori quvvatli radiotelevizion stansiyalardan uzatilayotgan raqamli signallarni qabul qilib aholiga uzatib berish imkoni mavjud bo‘lgan hududlar aniqlanib, ushbu punktlarga kam quvvatli raqamli teleuzatkichlar o‘rnatilib ishga tushirilmoqda. Jumladan,  2017 yilning boshidan jami 66 ta ana shunday aholi punktlariga kam quvvatli raqamli teleuzatkichlar o’rnatilib ishga tushirilgan. Buning natijasida Respublika aholisining raqamli televideniye dasturlari bilan ta’minlanganlik darajasi 98% dan oshdi.

Respublika aholisining raqamli televideniye dasturlari bilan qamrovi darajasi (viloyatlar kesimida)

Joriy yilning yakuniga qadar Respublika aholisini to‘liq raqamli teledasturlar bilan ta’minlash rejalashtirilgan.