O’zbekiston Respublikasida analog teleeshittirishlar bosqichma-bosqich to’xtatiladi.

Joriy yil 17 iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «Raqamli teleeshittirishlarga o‘tish va yer usti analog teleeshittirishlarni to‘xtatishga doir  chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi 502-son qarori qabul qilingan.

Qarorga muvofiq, 2017 yil oxirigacha:
Respublikaning barcha hududlarida 90 komplekt yuqori quvvatli va 404 komplekt kam quvvatli raqamli teleeshittirish uzatkichlarini o‘rnatish va foydalanishga topshirish hisobiga respublikaning barcha aholi punktlari raqamli teleeshittirishlar bilan qamrab olinishini ta’minlash;
aholi raqamli teleeshittirishlar xizmatlaridan keng foydalanishini, shu jumladan xorijiy sun’iy yo‘ldosh aloqasi operatori yo‘ldosh segmentini ijaraga olish hisobiga davlat teleradiodasturlarining umumfoydalaniladigan ijtimoiy paketini respublikaning uzoq va borish qiyin bo‘lgan aholi punktlarigacha yetkazishni ta’minlash nazarda tutilgan.

Shuningdek, mazkur qarorda O‘zbekiston Respublikasida yer usti analog teleeshittirishlarni bosqichma-bosqich to‘xtatish jadvali tasdiqlangan bo‘lib unga ko‘ra, kelgusi yilning 15 yanvaridan boshlab to 5 dekabriga qadar butun respublika bo‘ylab analog formatdagi barcha teleeshittirishlar to‘xtatiladi.

Qarorga ko‘ra, “Mahalla” xayriya jamoat fondini jalb etgan holda aholiga, shu jumladan aholining kam ta’minlangan qatlamlariga va pensionerlarga, raqamli teleeshittirishlarni qabul qiluvchi televizorlar, tyunerlar va boshqa qurilmalarni xarid qilish uchun imtiyozli iste’mol kreditlari berilishini kengaytirish tavsiya etilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “2017-2021 yillarda elektrotexnika sanoatini boshqarishni yanada takomillashtirish, jadal rivojlantirish va diversifikatsiyalash chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2017 yil 13 fevraldagi PQ–2772 — son qaroriga muvofiq “O‘zeltexsanoat” AK korxonalari tomonidan 5 yil mobaynida 3,0 mln. ta raqamli televizorlar ishlab chiqarish va yig‘ish nazarda tutilgan.