“RRTM” DUKda xodimlarining huquqiy ongi va madaniyatini oshirishga qaratilgan seminar mashg‘uloti tashkil etildi

“RRTM” DUKda Korxona xodimlarining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini oshirishga, O‘zbekiston Respublikasining qonunchiligiga kiritilgan o‘zgarish va qo‘shimchalar bilan xabardor qilish maqsadida har xaftaning juma kunlari huquqiy targ‘ibot seminar mashg‘ulotlarini tashkil etish bo‘yicha ichki farmoyish qabul qilingan.

2017 yilning 9 iyun kuni Korxona Bosh bo‘linmasida barcha xodimlar ishtirokida huquqiy targ‘ibot soati o‘tkazildi. Seminarni Bosh direktor o‘rinbosari A. Matkarimov ochib berdi. Shundan so‘ng, Korxona Bosh yuriskonsulti R. Yax’yayev so‘zga chiqib, ishtirokchilarga mamalakatimizda Davlat hokimiyati va boshqaruvi tizimi, Hokimiyatning bo‘linishi prinsiplari to‘g‘risida, O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plamining 2017 yil 5 iyundagi sonida chop etilgan qonun va qarorlar, ularning mazmun-mohiyati to‘g‘risida batafsil ma’lumot berdi.

Hozirgi kundagi ijtimoiy hayotning barcha sohalaridagi islohotlarni hayotga muvaffaqiyatli tatbiq etishda xalqqa yuridik bilimlar berish, ya’ni jamiyatdagi ijtimoiy-huquqiy faollikning zaruriy shartlari bo‘lgan demokratik tamoyillarni kishilar ongiga chuqurroq singdirish muhim ahamiyat kasb etishi, shu bois mamlakatda inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash, ijtimoiy hayotning barcha sohalarini demokratlashtirish uchun shart-sharoitlar yaratish va huquqiy davlat asoslarini shakllantirish zaruriyatlaridan kelib chiqib, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining IX sessiyasida “Jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirish milliy dasturi” qabul qilingan. U huquqiy madaniyatni yuksaltirish mexanizmining, aholining huquqiy tarbiyasi va ta’lim tizimini takomillashtirish orqali kishilar huquqiy ongini yuksaltirishning asosiy jihatlarini nazarda tutadi. Respublikamizda aholining huquqiy madaniyatini ko‘tarish va huquqiy tarbiyasini yaxshilash bo‘yicha davlat siyosatini samarali amalga oshirish uchun mustahkam huquqiy poydevor yaratilganligi seminarda ta’kidlab o‘tildi.

Seminar mashg‘uloti ishtirokchilari mamlakatimiz qonunchiligida bo‘lgan so‘nggi o‘zgarish va qo‘shimchalar to‘g‘risida xabardor bo‘ldilar.