Respublikada raqamli televideniyening DVB-T2 standarti joriy etilmoqda.

“Radioaloqa radioeshittirish va televideniye markazi” davlat unitar korxonasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2012 yil 17 apreldagi PQ-1741-son qarori bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston Respublikasida raqamli televideniyega texnik va texnologik o‘tish bo‘yicha Davlat dasturi” hamda 2014 yil 3 apreldagi PQ-2157-son qarori bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston Respublikasi yer usti raqamli televideniye tarmog‘ini rivojlantirish” investitsion loyihasini amalga oshirish doirasida Respublikada DVB-T2 ctandartidagi raqamli teleuzatkichlar o‘rnatilmoqda. Shu munosabat bilan, joriy yilning iyul oyiga qadar respublikada raqamli televideniyening DVB-T standarti DVB-T2 ctandartiga o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Mamlakatimizda raqamli televideniyega o‘tishning ilk davrlarida raqamli televideniyening DVB-T standarti qo‘llanilgan edi. Yillar davomida televideniye rivojlanib, raqamli televideniyening DVB-T standarti takomillashtirilib,
DVB-T2 standarti yaratilishi bilan mamlakatimizda ham ushbu standartdagi teleuzatkichlar o‘rnatila boshladi. DVB-T2 standartining DVB-T standartidan eng asosiy afzalliklari bitta raqamli teleuzatkich yordamida 14-16 tagacha teledasturlarni uzatish imkoniyati mavjudligi hamda signalning tashqi ta’sirlarga ancha chidamli ekanligidadir.

DVB-T standartidagi raqamli signallarni qabul qilishga moslashtirilgan televizor va tyuner qurilmalari DVB-T2 standartida uzatilayotgan teledasturlarni qabul qila olmaydi. Hozirgi kunda respublika hududlariga uzatilayotgan nodavlat «Mening Yurtim», “Milliy TV”, “Uzreport TV”, «Zo’r TV» telekanallari dasturlari DVB-T2 standartida uzatilmoqda. Kelgusida ishga tushiriladigan yangi telekanallar ham DVB-T2 standartida uzatib beriladi.

Shu munosabat bilan, mamlakatimiz aholisi DVB-T2 standartidagi raqamli signallarni qabul qilish imkoniyatiga ega bo‘lgan televizor va tyuner qurilmalarini xarid qilgan holda yangidan yangi ishga tushirilayotgan telekanallarni tomosha qilishlari mumkin.

Eski avlod televizorlari yoki DVB-T standartidagi signallarni qabul qilishga moslashtirilgan televizoridan foydalanuvchilar DVB-T2 standartidagi raqamli (“Set-top-Box”) tyuner qurilmasini ulagan holda qo‘shimcha telekanallarni ko‘rishlari mumkin.

Tavsiya:
Televizor xarid qilayotganda, DVB-T2 standartida ishlaydigan tyuner bor-yo‘qligiga e’tibor qaratish lozim. Mahsulotning texnik tavsifida bu haqida batafsil axborot berilgan bo‘ladi. Bunday televizor raqamli televideniyega ulanish uchun ortiqcha qurilmalarni talab qilmaydi. Bugungi kunda mamlakatimiz va xorijda ishlab chiqarilayotgan aksariyat televizorlarda DVB-T2 standartida ishlaydigan tyunerlar mavjud.