Raqamli TVning DVB-T2 standartidagi teledasturlarni qanday ko‘rish mumkin?

Mamlakatimizda raqamli televideniyega o‘tishning ilk davrlarida raqamli televideniyening DVB-T standarti qo‘llanilgan edi. Yillar davomida televideniye rivojlanib, raqamli televideniyening DVB-T standarti takomillashtirilib, DVB-T2 standarti yaratilishi bilan mamlakatimizda ham ushbu standartdagi teleuzatkichlar o‘rnatila boshladi. DVB-T2 standartining DVB-T standartidan eng asosiy afzalliklari signalning xalaqitbardoshliligi va uzatiladigan kanallar sonini 14-16 tagacha yetkazish mumkinligidadir. Hozirda investitsiya loyihalari asosida respublikamizda DVB-T2 standartidagi raqamli teleuzatkichlar o‘rnatilmoqda. Shu munosabat bilan, joriy yilning 2-yarim yilligidan boshlab Respublikada o‘rnatilgan DVB-T standartida ishlovchi raqamli teleuzatkichlar faoliyati to‘xtatilib, DVB-T2 standartiga o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Shu o‘rinda ta’kidlab o‘tish kerakki, DVB-T standartidagi raqamli signallarni qabul qilishga moslashtirilgan televizor va tyuner qurilmalari DVB-T2 standartida uzatilayotgan teledasturlarni qabul qila olmaydi. Hozirda respublika hududlariga uzatilayotgan nodavlat (“Mening Yurtim”, “Milliy TV”, “Uzreport TV”, “Zo’r TV”) telekanallari dasturlari DVB-T2 standartida uzatilmoqda. Kelgusida ishga tushiriladigan yangi telekanallar ham DVB-T2 standartida uzatib beriladi.

Shu munosabat bilan, mamlakatimiz aholisi DVB-T2 standartidagi raqamli signallarni qabul qilish imkoniyatiga ega bo‘lgan televizor yoki tyuner qurilmalarini xarid qilgan holda yangidan-yangi ishga tushirilayotgan telekanallarni tomosha qilishlari mumkin. Eski avlod televizorlari yoki DVB-T standartidagi signallarni qabul qilishga moslashtirilgan televizordan foydalanuvchilar DVB-T2 standartidagi raqamli (“Set-top-Box”) tyuner qurilmasini ulagan holda qo‘shimcha telekanallarni ko‘rishlari mumkin. Mazkur qurilmani “UzDigital TV” MChJ (Jamiyat) savdo ofislaridan olish mumkin. Shu bilan birga, ushbu Jamiyatning barcha tuman markazlarida vakolatxonalari va rasmiy distribyuterlarini ochish mo‘ljallanmoqda. Ularda abonentlarga zaruriy maslahat va xizmatlar ko‘rsatiladi.

        Tavsiya: Televizor xarid qilayotganda, ushbu televizorda DVB-T2 standartida ishlaydigan tyuner bor-yo‘qligiga e’tibor qaratish lozim. Mahsulotning texnik tavsifida bu haqida batafsil axborot berilgan bo‘ladi. Bunday televizor raqamli televideniyega ulanish uchun ortiqcha qurilmalarni talab qilmaydi. Bugungi kunda mamlakatimiz va xorijda ishlab chiqarilayotgan aksariyat televizorlarda DVB-T2 standartida ishlaydigan tyunerlar mavjud.

Respublikamizda bugungi kunda raqamli televideniyening DVB-T2 ctandartida uzatilayotgan ochiq to‘plami tarkibida 12 ta davlat va 4 ta nodavlat telekanallar teledasturlari o‘rin olgan. Ochiq to‘plam tarkibidagi teledasturlarni ko‘rish bepul.