Analogli efir yana qancha muddat namoyish etiladi?

Raqamli televideniye. So‘nggi paytlarda ushbu jumla tez-tez tilga olinmoqda va bu haqda ko‘p gapirilmoqda. Bugungi kunda zamonaviy televideniya raqamli televideniya deb ataladi. Hozirgi zamon raqamli televideniyaning imkoniyatlari juda keng. Raqamli televideniyening analog televideniyedan farqi, bu avvalo tasvir sifatida ko‘zga yaqqol tashlanadi. Chunki tasvirni uzatish hamda qabul qilish jarayonida raqamli qayta ishlanishi yanada yuqori sifatga erishish imkonini beradi. Ilgari uydagi televizor juda kam holatlarda a’lo darajada ko‘rsatardi, ekrandagi tasvirlar jimirlashib, turli tashqi ta’sirlar kuzatilardi, tasvir tez-tez yo‘qolib qolar edi. Yangi shakldagi televideniyeda esa tashqi ta’sirlar sezilarli darajada kamayib, tasvirning ravshanligiga erishilgan. Buni tovush sifatida ham ko‘rish mumkin.

Bundan tashqari, raqamli televideniyening joriy qilinishi butun respublika bo‘ylab yanada ko‘proq teledasturlarni namoyish etish imkonini beradi. Analogli TVda bitta uzatkich bitta dasturni yetkazib berardi. Tabiiyki, 12ta dasturni uzatish uchun 12ta uzatkich o‘rnatish kerak bo‘lardi. Bu esa radiochastota kanallari yetishmasligi sababli imkonsiz edi, qolaversa, katta elektr energiya sarfini va katta xarajatlarni talab qilardi. Raqamli televideniyeda bitta uzatkich orqali uzatiladigan telekanallar sonini 12 — 16tagacha yetkazish imkonini beradi. Raqamli televideniyega o‘tish elektr energiya sarfini kamayishiga olib keladi. Bundan tashqari, mamlakatimiz miqyosida bunday tarmoqni yaratish birmuncha oson hisoblanadi.

Bugungi kunda Davlatimiz Rahbari va Hukumatimiz tomonidan qabul qilingan qator qarorlar asosida Respublikamizda raqamli televideniyega o‘tish bo‘yicha keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Respublikada raqamli televideniyening joriy etilishi munosabati bilan, analog formatdagi teleuzatkichlar 2017 yilning ikkinchi yarmidan boshlab, bosqichma-bosqich o‘chiriladi. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining bu boradagi tegishli qarori loyihasi tayyorlanib, Vazirlar Mahkamasiga kiritilgan. Analog formatdagi teledasturlarni efirga uzatish Hukumat qarori bilan tasdiqlanadigan maxsus jadval asosida tugatiladi. Ungacha Respublikada raqamli televideniyega to‘liq o‘tiladi. Respublikaning turli hududlarida faoliyat yuritayotgan mahalliy telekanallar raqamli teledasturlar tarkibiga kiritilishi ko‘zda tutilgan.